Issiqxona va handaklarda limon yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar

Issiqxona va handaklarda limon yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar

4353
2

Respublikamizda o‘stirilayotgan mevali o‘simliklar orasida sitrus o‘simliklari alohida o‘rin tutadi. Dunyoda sitrus o‘simlikliklar juda xilma-xil bo‘lib, ular orasida apelsin, mandarin, limon, greypfrut eng ko‘p tarqalgan.

Sitrus o‘simliklarning kelib chiqqan eng asosiy markazi Shimoliy Hindiston va Shimoliy Birma hisoblanadi.

O‘zbekistonga sitrus o‘simliklari XX asrning ikkinchi yarmida olib kelinib, sovuqqa chidamsiz bo‘lganligi bois ularni issiqxona hamda handaklarda o‘stirilib parvarish qilina boshlandi.

1966 yilda akademik M.Mirzayev (sobiq R.R.Shreder) nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida sitrus o‘simliklaridan limon, apelsin, mandarin, greypfrut va pampelmus turlarining navlari ekilib, ularning o‘sib-rivojlanishi va hosildorligi o‘rganilib, 2015 yildan Davlat reyestiriga limonning Meyer navi, apelsinning Gamlin, mandarinning Klementin navlari respublikamizning barcha mintaыalarida issiqxona va handaklarida o‘stirish uchun tavsiya qilindi.

FAOning 2011 yildagi ma’lumotiga ko‘ra, 13,861 ming tonna dunyoda limoni ishlab chiqarilgan bo‘lib, shu jumladan Hindiston – 2 108 ming tonna, Meksika – 2 147,7 ming tonna, Argentina – 1 228,7 ming tonna, Xitoy – 1 313,4 ming tonna, Brazilya – 1 126,7 ming tonna, AQSh – 8 346,1 ming tonna va Turkiya – 790,2 ming tonna, Ispaniya – 700 ming tonna va Italiya – 483,1 ming tonna limon mahsuloti eksport qilingan.

O‘zbekiston Respublikasida 2016 yilda 1 200 gektar issiqxonalarda 60 ming tonna limon yetishtirilib, shundan 2 400 tonnasi eksport qilingan.

Limon mevalarning shifobaxshlik xususiyatlari
Sitrus o‘simliklari mevasining tarkibida ko‘p miqdorda vitaminlar, mineral moddalar, organik kislotalar, inson organizmi uchun zarur bo‘lgan davolovchi ozuqa moddalari mavjud. Jumladan, O‘zbekistonda sitrus o‘simliklaridan eng ko‘p yetishtiriladigani limon hisoblanib, u eng qimmatli shifobaxsh va tetiklashtiruvchi mevalardan biri. Mevasining tarkibida 2 foizga yaqin shakar, 6–8% turli kislotalar (asosan limon kislotasi), 1 foizdan ko‘proq pektin moddalari, 0,5 foizga yaqin har xil mineral tuzlar, 60–90 mg S vitamini, ma’lum miqdorda A, V1, V2, RR vitaminlari bo‘ladi.

Tabobatda limon turli yurak-tomir tizimi kasalliklari, singa, sil, angina, organizmda moddalar almashinuvi buzilishi, bod kasaligini davolashda qo‘llaniladi. Bundan tashqari limon tarkibidagi RR guruhi vitaminlari qon bosimi pasayishiga yordam beradi va miyada qon quyulib qolishining oldini oladi.

Bundan tashqari, limon mevalarini uzoq saqlanganda va qayta ishlanganda ham tarkibidagi vitaminlarning yaxshi saqlanishi uning qimmatli xususiyatlaridan biridir.

Limon o‘simligini agrobiologik xususiyatlari

Limon o‘simliklari issiqsevar bo‘lganligi bois, u sovuqqa chidamsiz, shu sababli uning mevalarining yetilishi uchun juda ko‘p miqdorda foydali issiq harorat yig‘indisini talab qiladi. Shuning uchun respublikamizda limon o‘simliklarini himoya qilingan joylarda, ya’ni issiqxona va handaklarda ekib o‘stiriladi (lekin, ushbu inshootlarning usti yoz faslida ochib qo‘yiladi).

Limon o‘simliklari qulay o‘sib-rivojlanishi va hosil tugishi uchun 4000ºS dan ortiq foydali harorat yig‘indisini talab qiladi. Biroq, limon mevalari -2,5°S, barg va bir yillik novdalari -3–4°S da zararlanib, haroratning -5–6°S gacha pasayishi qariroq shoxlarning halok bo‘lishiga olib kelib, -8–9oS da esa o‘simlikni butunlay sovuq uradi.

Issiqxona va handaklarda ob-havo sharoitlariga, o‘simlik yoshiga, meva berish darajasiga va boshqa omillarga qarab sutkalik havo harorati +12ºS bo‘lib, tuproq harorati +5ºS da limon o‘simliklarining kurtaklari ochilib novdalari o‘sa boshlaydi. Fevral boshlarida plastik moddalar ajralib chiqadi, shuningdek, ko‘p miqdorda gulkurtaklar vujudga keladi, bular yuqori hosil olish uchun katta ahamiyatga ega.

Issiqxona xamda handaklarda o‘rtacha havo harorati 16–18ºS va tuproq harorati 14–17ºS bo‘lganda limon gulining g‘unchalari shakllanadi. Mart-aprel oylarida issiqxona va handakda havo harorati 18–22ºS va tuproq harorati 21ºS bo‘lganda gullari qiyg‘os ochilib, gullash davomiyligi 20–25 kunni tashkil etadi.

Meva tugunlarini shakllanib va tutib qolishi uchun ushbu haroratni ushlash maqsadga muvofiqdir. Limon o‘z-o‘zidan va chetdan changlanadigan o‘simlik bo‘lganligi sababli asalarilarda foydalanish tugunchalarning ko‘proq hosil bo‘lishiga yordam beradi. Aprel oxiri may boshlarida sutkalik o‘rtacha harorat 22ºS bo‘lganida mevalarning shakllanish bosqichi boshlanadi va iyunning birinchi o‘n kunligida havo harorati 25,4ºS bo‘lganida tugaydi.

Meva tugishi va ularning rivojlanishi uchun birinchi o‘n kunlikda havo 20–25ºS gacha qizishi va nisbiy namlik 70–80% bo‘lishi zarur. Bunday sharoitda limon o‘simligi ancha yaxshi gullab mo‘l hosil tugadi. Havo quruqligi va haroratning keskin oshishi tugunlarning ko‘plab to‘kilib ketishiga olib kelishi mumkin. May-iyunda oylarida limon mevasi tez rivojlanadi, keyin o‘sishi bir oz sekinlashadi. Shu bilan birga, oktyabr oyigacha po‘sti sarg‘ayguncha yiriklashaveradi. Noyabr-dekabr boshlarida meva pishib, noyabrda limon o‘simligi tinim davriga kiradi. Ushbu davrda issiqxona va handakda harorat o‘rtacha +8ºS dan oshmasligi kerak.

Akademik M.Mirzayev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda bir qator xo‘jaliklarni tajribasi shuni ko‘rsatdiki, mamlakatimizda faol haroratning yuqori bo‘lishi limon navlari ichida eng ko‘p ekilgan Meyer navidan yaxshi sifatli mo‘l va muntazam hosil olish imkonini berdi. Bu nav nisbatan kichikligi va erta meva bera boshlashi bilan farqlanib, (ko‘chati o‘tqazilgandan so‘ng 2-yili), u mahalliy sharoitga ko‘proq moslashgan.

Limon o‘simligi barglari 2–3 yil yashaydi va asta-sekin almashinadi. Yosh (1 yilligigacha) barglar oziq moddalarni faqat iste’mol qiladi, qariroqlari esa oziq moddalarni o‘sish va hosil tugish uchun tuplaydi.

Limonni Meyer navi sovuqqa unchalik chidamli bo‘lmaganligi uchun uni handak va issiqxonalarda o‘stirilib, issiqxonalarda yetishtiriladigan boshqa o‘simliklarga nisbatan issiqlik kam sarflanadi. Handakda ushbu nav qisqa muddatda o‘sib-rivojlanib, parvarish qilish yengillashadi hamda yuqori hosildorlikni ta’minlaydi.

Agar handaklarda o‘stirilganda bitta daraxtdan to‘liq hosilga kirgach o‘rtacha 200–250 tagacha meva olinsa, issiqxonalarda esa kuchli rivojlangan daraxtdan 400–500 tagacha limon mevasi olish mumkin.

Limonni Meyer navidan uzoq yillar davomida yuqori va barqaror hosil olishning muhim sharti bu nav talablari bilan uni o‘stirish sharoitlari o‘rtasida muvofiqlikni ta’minlashdir. Shuning uchun issiqxonalarni ham, handaklarni ham bu inshootlar loyihasiga qat’iy rioya qilgan holda qurish hisoblanadi. Ya’ni, shimoldan janubga yoki shimoliy sharqdan janubiy g‘arbga qaratib qurish maqsadga muvofiq. Bunda limon o‘simligiga kun davomida quyosh nuri bir tekis tushadi

Limonning o‘sishi va rivojlanishi uchun tuproq sharoiti muhim ahamiyatga ega. Sizot suvlari yaqin joylashgan sho‘r yerlarda va strukturasiz tuproqlarda mutlaqo o‘sa olmaydi. Zichligi o‘rtacha qumoq tuproqli yerlar va suv havo o‘tkazuvchanligi yaxshi bo‘lgan yengil tuproqlar limon o‘simligi uchun mosdir.

Tuproqni limon ko‘chatlarini o‘tkazishga tayyorlash. Issiqxona va handaklar tuprog‘i ko‘chat o‘tkazilguncha, yaxshilab tekislangan va 600–800 kg chirigan go‘ng, 200 g superfosfat hamda 100 g kaliyli o‘g‘itlar (10 sotix hisobidan) solinib 25–30 sm chuqurlikda ishlov beriladi.

Issiqxonada limon ko‘chatini o‘tkazishda eng yaxshi ekish sxemasi 3×3 m, handaklarda esa bir qator qilib bir-biridan 3 m oraliqda o‘tkaziladi, yoki eni 6 m keng bo‘lgan handaklarda 3 qator qilib devordan 1 m, qator orasi 2 m, tuplar orasi 3 m ekiladi.

Ekish uchun maydonlar 60 sm. li chuqurlar qazilib, ko‘chatlarni o‘tkazish paytida har bir chuqurchaga 10–15 kg chirigan go‘ng, 100–150 g superfosfat va 50 g kaliyli o‘g‘itlarni tuproq bilan yaxshilab aralashtirib solinadi.

Issiqxonalarda ildiz tizimi yaxshi o‘sgan bir yoshli va ikki yoshli ko‘chatlar bahorda (mart) yoki kuzda (oktyabr) o‘tkaziladi. Bir yoshli o‘simliklarda 3–4 ta birinchi tartib pishgan novdalar va tanasining yo‘g‘onligi 0,7–0,8 sm bo‘lishi kerak. Ikki yoshli ko‘chatilarda ikkinchi tartibdagi novdalar pishgan, tanasining yo‘g‘onligi esa kamida 1 sm bo‘lishi kerak. Kuzda limon ko‘chati ildiziga yopishgan tuprog‘i bilan o‘tkaziladi. Aks holda o‘simliklarning bir qismi nobud bo‘ladi.

O‘tkazishdan oldin bog‘ qaychi yoki o‘tkir pichoq yordamida oxirgi o‘sish darajasining uchdan bir qismi, shuningdek ortiqcha novdalari, ildizining singan qismi kesib tashlanadi.

Ko‘chatlarning ildiz bo‘g‘zini tuproq sathidan 2–3 sm yuqoriroq bo‘lishi uchun chuqurchalar oldiga o‘rnatilgan nazorat qoziqlar bo‘yicha o‘tkazish taxtalari yordamida ekiladi. Ko‘chat o‘tkazilganidan so‘ng uning atrofidagi tuproq zichlanadi va bir chelakdan suv quyiladi. So‘ngra har bir qatorning ikkala tomonidan tuplar tanasidan 25–30 sm masofada olingan egatlar bo‘ylab sug‘oriladi. Handaklarga aprel oyida ayozli xatarlar o‘tganidan keyin ko‘chatlar o‘tkaziladi.

Sug‘orish. Ko‘chatlar chuqurligi 15–20 sm. li bo‘ylab ariq suvidan jildiratib oqizib, tuproq 40–50 sm chuqurligida namlangunicha sug‘oriladi. Lekin, vegetatsiya davomida tuproq doimo nam holatda tutiladi. O‘tqazilgandan so‘ng uchinchi yilda sug‘orish egatlari o‘simlik tanasidan 50 sm. ga ko‘chirilib, 30–40 sm. gacha chuqurlashtiriladi.

Limon o‘simliklari qulay o‘sishi va yaxshi meva berishi uchun tuproqning to‘la nam sig‘imi 70–85 foizni tashkil etishi kerak. Sug‘orishlar bo‘lib-bo‘lib mavsum davomida 25 martagacha o‘tkaziliadi. Ularning miqdori ob-havo sharoiti va o‘simlik holatiga qarab belgilanib, dekabr, yanvar, fevralda – 1 marotabadan, martda – 2 marotaba, aprel va mayda – 3 marotabadan, iyunda – 4 marotaba, iyul va avgustda – 4–5 marotaba, sentyabrda – 3 marotaba, oktyabrda – 2 marotaba, noyabrda – 1–2 marotaba, shu jumladan 5–6 marotaba go‘ngli sharbat bilan sug‘oriladi. Issiq yoz kunlarida kechqurun va ertalab sug‘oriladi. Har bir sug‘orishdan keyin tuproq 10–15 sm chuqirligida yumshatish zarur.

Bahorda issiqxonaning havo harorati keskin oshganida, barglarning sarg‘ayishi va to‘kilishi kuzatilib, oldini olish uchun quyoshli, sovuq bo‘lmagan kunlarda havo bilan tuproq o‘rtasidagi harorat, barglar bug‘langan suv bilan ildizlar tomonidan tupga yetkazib berilayotgan suv o‘rtasidagi mutanosiblikni shamollatish orqali bartaraf etiladi.

Tuproqqa ishlov berish. Qish faslida tuproqqa 25–30 sm chuqurlikda ishlov berishda chirigan go‘ng va superfosfat solinadi. Keyinchalik tuproqni yumshatish, sug‘orish yoki go‘ngli sharbat berish va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish vaqtiga to‘g‘rilab olib borilishi kerak.

Tuproqqa ishlov berishda o‘simlikning 15–35 sm chuqurlikkacha yotgan ildiz sistemalarini shikastlamaslik uchun ehtiyotlik bilan ish ko‘rish kerak.

Begona o‘tlarni o‘tash va ularni issiqxona xamda handaklardan chiqarib tashlash zarur, chunki ular o‘simliklarni shira va boshqa zararkunandalardan zararlanishi uchun manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

O‘g‘itlash. Ko‘chat o‘tkazilgach, ikkinchi yildan boshlab har yili qish oldidan ishlov berishda go‘ng va superfosfat solinadi. Bir, ikki, uch yoshli o‘simlik tagiga 10 kg go‘ng, 20 g dan azot va fosfor hamda 10 g kaliy o‘g‘iti solinadi, meva beruvchi tuplar tagiga esa 20–25 kg. dan go‘ng va 80–100 g fosfor (tuplarining yoshi kattalashgan sari solinadigan o‘g‘itlar miqdori ortib boradi), 80–120 g azotli va 40–60 g kaliyli o‘g‘itlar solinadi. Bunda mineral o‘g‘itlarning 50 foizi fevralda va qolgan qismi may oxiri-iyun boshlarida – mevalari shakllanganidan keyin solinadi.

Bundan tashqari, limon tuplari birinchi marta qishda vegetatsiya boshlangungacha, ikkinchi marta gullash oldidan va 3–4 marta tugunlar to‘kilganidan keyin va mevalar o‘sishi davrida 20–25 kun oralatib go‘ngli sharbat bilan sug‘oriladi. Go‘ngli sharbat sigir, qo‘y-echki va parranda go‘ngini (2:1:1) ariq suvida yaxshilab ezib, sug‘orish egatlariga quyiladi. Yozda go‘ngli sharbat kechqurun va ertalab beriladi.

Shox-shabbalarini kesish va shakllantirish. Yuqori va mo‘l hosil olish uchun tuplarning faqat me’yorda oziqlanishi, o‘sishi va rivojlanishi bilan kifoyalanib bo‘lmaydi. O‘sib ketgan va shakllangan novdalarni daraxt yoshiga munosib ravishda siyraklash, chilpish va butash yo‘li bilan muntazam parvarishlash juda zarur. Bunda tupning o‘sishi va meva berishi yaxshilanadi.

Handak va issiqxonadagi limon o‘simligi shox-shabbasiga shakl berishda ajratilgan joydan oshib o‘smaydigan, shox-shaxbbasi bir tekis rivojlangan, ixcham, mayda shoxchalari ko‘p va serbarg, past bo‘yli o‘simliklar yetishtirishga asosiy e’tibor beriladi. Ularning asosiy shoxlari va tanasi kalta 40–45 sm. dan oshmasligi kerak. Shakl berish va butashdagi asosiy ishlar novdalarni chilpish, so‘ng kesish va hali yog‘ochlanmagan ortiqcha navdalarni kesib olib tashlashdan iborat. Ba’zan yon shoxlari, shuningdek qurigan, singan, shox-shabbani qalinlashtirib yuboradigan shoxlar va novdalar kesib tashlanadi. O‘simliklar har yili yetarli miqdorda yangi novda chiqarsa, ular to‘xtovsiz hosil beradi.

Pakana (pastak) shakl berilganda dastlab uch asosiy tartib shoxlarning uzunligi 20–25 sm, o‘rtacha bo‘yli shaklda 35–40 sm. li bo‘ladi.

Shakl berilgan standart ko‘chatning 8 tanasi va 3–4 ta pishishi kerak. Standart bo‘lmagan ko‘chatlar o‘tqazilganda 25 sm. dan ortiq qismi (pastan) kesib tashlanadi va 3–4 ta bo‘lajak asosiy shoxi qoldiriladi. Birinchi tartibdagi shoxlar bir-biridan 5–8 sm, oraliqda joylashgan bo‘lishi kerak. Qolgan shoxlar va novdalari kesib tashlanadi.

Limon o‘simliklariga pastak shakl berishda birinchi tartib novdalarning uzunligini taxminan 25 sm. ga yetganda, uchi 2–3 ta bargi bilan kesib tashlanadi. Shundan so‘ng bir hafta o‘tgach, novda bir oz uzayib, yog‘ochlashganda, 20 sm uzunlikda qoldirib, ichki tomondagi kurtagigacha kesib tashlanadi. Keyin har bir birinchi tartib shoxda 2 ta ikkinchi tartib, ularning har birida 2 tadan uchinchi tartib shox qoldirib kesiladi. Ba’zan bitta yoki uchta shox qoldiriladi. Qoldiriladigan keyingi tartib shoxlari soni ularning boshqa shoxlar orasida mavjudligi va joylashishiga, oldingi tartib shoxlarning rivojlanish darajasiga bog‘liq. Qoldirilgan novdalar har xil barg bo‘g‘imlarida joylashgan bo‘lishi kerak. Bitta barg bo‘g‘imidan bir nechta novdadan faqat bittasini qoldirib, boshqalari kesib tashlanadi. Qoldirilgan ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi tartib novdalar har doim bo‘yi 25 sm. ga yetganda uchi chilpib tashlanadi. Taxminan bir haftadan keyin, ular yog‘ochlashganda 20 sm. dan ortig‘i kesib tashlanadi. Bunda, odatda, ikkinchi tomondagi yon kurtagigacha kesiladi.

Dastlabki 3–4 ta tartib shoxlar tanlanganda ularning bir tekis joylashishiga alohida e’tibor berish kerak, chunki shox-shabbalarning asosiy qismi keng, novdalarni yon tomoniga o‘sishiga yordam beradigan, shox-shabbaning o‘rtasidan yuqoriga qarab o‘sishni tezlashtirmaydigan bo‘lishi zarur. G‘ovlab ketgan novdalarning hammasi kesib tashlanadi.

Handak va issiqxonalarda o‘stiriladigan Meyer nav limonning shox-shabbasiga ham ana shunday shakl beriladi.

Limon o‘simligining novdasi o‘sish sur’ati jixatidan bir-biridan farq qiladi, ba’zilari yo‘g‘on, boshqalari mayda, nozik bo‘lganligi bois har doim ham shakl berish uchun yetarli bo‘lmaydi, natijada bu ish ikkinchi yili ham davom ettiriladi. O‘sayotgan novdalar o‘z vaqtida chilpib, pishgandan keyin kesilsa, shox-shabbaga kerakli shakl berish mumkun bo‘ladi. Chilpib tashlangan novdalar, odatda, bittadan yangi novdalar chiqararadi. Ko‘proq shoxlash uchun bu novda pishgandan keyin kesib qisqartiriladi. Agar faqat bitta kurtak o‘sib chiqsa, yana ikkinchi marta pastroqdan kesiladi. Lekin, ikkinchi marta kesish ko‘pincha o‘zini oqlamaydi. Ko‘p kesilsa ma’lum miqdordagi shox va barglar kesilib ketadi va o‘simlik nimjonlashib qoladi. Shuning uchun chilpish va kesish shox shabbaning holatiga mos ravishda olib borilishi kerak. Chilpigandan keyin tez o‘sib ketadigan novdalar kesib qisqartiriladi. Kuchli o‘sadigan novdalar va shoxlarning yon shoxlari kesiladi.

Asosiy shoxlardagi serbarg kalta shoxchalar qoldiriladi, chunki ular ayniqsa birinchi yili o‘simliklar yaxshi o‘sishini ta’minlaydi. Novdalar butun vegitatsiya davrida chilpib kesilaveradi, buning uchun har oyda o‘simliklar 2–3 marta kuzatib turiladi. Bu tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish maqsadga muvofiqdir.

O‘simlik agrotexnika qoidalariga rioya qilgan holda parvarish qilinsa birinchi yili kamida ikki tartib shox chiqaradi. Ekilgandan 2–3 yil o‘tgach chiqqan 4–5-tartib novdalar gullab meva tugadi. Shuni aytish kerakki, tegishli tartibdagi novdalar limon o‘simliklarning hosilga kirish qobilyatini to‘liq belgilamaydi, bu juda ko‘p omillarga bog‘liq. O‘simliklar hosilga kirganda ham ularga shakl berish ishi davom ettiriladi, bunda ularning shox-shabasi mo‘ljallangandan katta bo‘lib ketmasligi kerak. Ayrim shoxlar novdasining o‘sishi tartibga solinadi, kesiladi. Hosilga kirgan o‘simliklarni butash, odatda, eng serhosil bo‘lgan o‘rtacha uzunlikdagi shoxlarni chiqarishga qaratilgan.

Keyingi yilarda mamlakatimizda sitrus o‘simliklarga har xil shakil berish bo‘yicha olib borilgan tajribalar handaklar va issiqxonalarda pastak va yarim pastak shakl bilan bir qatorda, vertikal so‘ri usulida shakl berish ham yuqori samara berishini ko‘rsatdi. Shpaler (sim bag‘az) usulida shakl berilganda shox-shabba ichiga yorug‘lik yaxshi tushadi va ular yaxshi ozuqlanadi, hosildorligi ortadi, handak va issiqxonada ularni parvarish qilish onsonlashadi, har gektariga ko‘proq ko‘chat ekish mumkun bo‘ladi. Bunday shakl berilganda sitrus o‘simliklarni eng yuqori agrotexnika darajasida parvarish qilish, ularning eng yaxshi o‘sishini ta’milaydigan sharoit yaratish kerak. Umuman olganda, sim bag‘az usulida shakl berilganda limon o‘simligi hosildorligining ortish evaziga sarflangan xarajatni to‘la qoplaydi.

Issiqxona va handaklardagi limon o‘simliklari uchun ham tokzorlardagi kabi sim bag‘az qilinadi, ya’ni ko‘chatlar qatorining har 6 metriga temir-beton ustun o‘rnatilib, ularga 50 sm kenglikdan uch qator sim tortiladi. Sim bag‘azlarda o‘stiriladigan sitrus o‘simliklarga, odatda, palmetta (simbag‘azlarga bog‘lash) usulida shakl beriladi.

Simbag‘azlarga shakl berib o‘stiriladigan ko‘chatlar o‘tqazishdan oldin 35 sm dan ortig‘i kesib tashlanadi. Eng yaxshi rivojlangan yuqorigi uchta novdasi qoldirib, boshqalari olib tashlanadi. Ikkita yon novdasi 70–75 sm. ga yetganda simning pastki qatoriga gorizantal holida bog‘lanadi. Bu novdalar birinchi yarusni hosil qiladi. Uchinchi novda ikkinchi, keyin uchinchi yarus hosil qilish uchun asos bo‘ladi.

Asosiy shoxlardan chiqqan novdalarning uzunligi 25 sm. ga yetganda uchi chilpib tashlanadi, keyin uchinchi va undan yuqori tartib novdalar chiqishi uchun kesiladi. Tarvaqaylab chetga qarab o‘sayotgan novdalar simbag‘azga bog‘lab qo‘yildi. Simbag‘azlar oralig‘i 1,2–1,4 m. Keyingi parvarish ishlari pastak shakl berilishidagi kabi bajariladi.

Uch-to‘rt yildan keyn bo‘yi 2 m va undan oshadigan yaxlit limon o‘simliklar devori hosil bo‘ladi. Keyingi ishlar o‘simliklarning skletining asosini saqlash, shox-shabbasini qalinlashtirib yuboradigan ortiqcha shoxlarni kesib tashlash, novdalarning o‘sishini tartibga solish va hokazolardan iborat.

Doim yashil o‘simliklarning bargi zapas oziq moddalar to‘planadigan joydir, butash paytida barglarning ko‘plab olib tashlash o‘simliklarning hayoti foliyatiga salbiy ta’sir etadi. Butashda ana shuni e’tiborga olish kerak. Kesilgan shoxlarda vegetativ o‘sish, chilpilgan shoxlarda generativ o‘sish ustunlik qiladi. Shunga ko‘ra, vegetatsiya davrida o‘simliklarni doim kuzatib borish zarur.

Handak va issiqxonalar o‘lchamining cheklanganligi, sitrus o‘simliklarining o‘ziga xos biologik xususiyatlari ayniqsa hosil shoxlarining yuqori qismi ko‘proq rivojlanishi shoxlarni kesish uzunligi ma’lum talablar qo‘yadi. Qancha kesish kerakligi o‘simliklar hosil novdalarning uzunligiga bog‘liq. Masalan, Meyer limonining novdalari o‘rtacha 15–20 sm uzunlikda kesiladi.

Sitrus o‘simliklar hosilga kirgan davrda asosan qishda, ya’ni shonalaguncha va novdalari o‘sgunicha butaladi. Qurigan, singan, chirmashib, qalinlashib ketgan shoxlar kesib tashlanadi, ishlashga xalaqit beradiganlari qisqartiriladi. Hosil berib bo‘lgan shoxlari meva tugilgan joyining pastrog‘idan kesib tashlanadi.

Yuqoridagi tadbirlarni yil davomida 3–4 marta o‘z vaqtida o‘tkazsh lozim. Bir galgi muddatda kesilmay qolsa, keraksiz novdalar ko‘p o‘sib chiqib, novdalari chiqishi va rivojlanishi susayib ketadi. Kech kesilsa ham vegetativ massasi va unga sarflangan ozuq moddalar bekor ketib, o‘simliklar noziklashib qoladi, hosildorlik pasayadi.

Meyer limoni novdalarining taxminan 20 sm dan ortig‘i chilpib tashlanadi, chunki yangi novdalar asosan 15–20 sm li shoxlardan chiqadi. Chilpilgandan keyin novda ancha o‘sib, dastlabki bo‘ynining 30 foizgacha yetadi. Odatda, sitrus o‘simliklari novdasi 10–12 ta barg chiqarganda chilpiladi. Bu jarayon odiroq o‘tkazilsa, hosil novdalarning o‘sib chiqishiga salbiy ta’sir etadi.

Chilpilgan o‘simliklarning novdasi vaqtincha o‘sishdan to‘xtaydi. Bunda faqat eng yuqori kurtak o‘sadi, tana va shoxlar o‘smaydi. Shuning uchun, novdaning 2–3 ta bargli uchi chilpib tashlangach, bir haftadan keyin shu novdalar kesib qisqartiriladi.

Yon tomondagi va gorizantal joylashgan novda hamda shoxlarni chilpilsa bas, kesmasa ham bo‘ladi, chunki ular ildizning tez yoki sekin o‘sishiga ta’sir etib, meva tugilishini jadalashtiriladi. Shox-shabbaning pastki shoxlarini soyalab qo‘yadigan vertikal o‘sgan novdalarini halqalash yoki ko‘proq kesish kerak. Chunki yuqori qismidagi novdalar kuchli o‘sadi, lekin hosil barmaydi.

Odatda, hosildor novdalar shoxlarning uchidan chiqadi, shunga ko‘ra shoxlar kesilsa, hosil birmuncha kamayashi mumkun. Shuning uchun chilpish bilan birga hali yog‘ochlanmagan novdalar kesib tashlandi, agar shakl berish uchun zarur bo‘lsa, faqat kuchli o‘sgan novdalari kesib qisqartiriladi.

Dastlabki novdaning har biridan keyin o‘sib chiqqan novdalaridan ikkitadan qoldiriladi. Qolganlari ko‘klaganda kesib tashlanadi. Shoxning yoki novdaning har bir bo‘g‘imidan bittadan novda o‘sib chiqsa bas, qolganlarini olib tashlansa xam bo‘ladi.

Hosil beradigan shoxlaridan yangi novda chiqarish mumkun: buning uchun hosil terib olingandan keyin ular kesib qisqartiladi. Limon o‘simligi asosan oldingi yillari o‘sib chiqqan bahorgi novdalarida meva tugadi. Yozgi va kuzgi novdalari bilan kesilsa, hosildorlikka uncha ta’sir etmaydi. Kuzgi novdalar, odatda chilpilmaydi. Bachki novdalarni o‘sib chiqishi bilan olib tashlanaveradi yoki halqa shaklda kesiladi. Ba’zan shox-shabbasining bo‘sh joylarini to‘ldirish uchun ulardan foydalanish mumkun.

7–8 yoshli limon o‘simligi ko‘proq butiladi. shox-shabbaning yuqori qismidagi baquvvat o‘sgan keyingi ikkinchi-uchinchi tartib novdalar halqa shaklda kesiladi, ba’zan ikkinchi-uchinchi tartib asosiy shoxlar yangilanadi. Shox-shabba orasidan o‘sib chiqqan novdalar va shoxlar kesib tashlanadi.

O‘simliklarni yoshi oshgan sari uning tanasi kattalashadi, novdalar shox-shabbaning chetlariga tomon kamroq o‘sadi. Bunda yoshartirish uchun butash zaruriyati tug‘iladi, bu ish qishki tinim davrida amalga oshiriladi. Shu maqsadda 3–4 tartib shoxlangancha bo‘lgan hamma asosiy shoxlar kesib tashlanadi. Kesilgan joyiga bog‘ malxami surib qo‘yiladi. Yangi novda chiqqandan keyin shox shabbani shaklantirish uchun zarur miqdordagi novdalar qoldiriladi. Vegetatsiya davrida yangi tartib novdalar chiqadi.

Limonzorlarda hosildor daraxtlar bilan bir qatorda kam hosilli, baquvvatlari ham bo‘ladi. Bunday tuplar handaklarda limon yetishtirish samaradorligini ancha pasaytiradi. Bunday ko‘chatlarning har bittasi o‘rniga yangi ko‘chat o‘tqazish befoyda, chunki uning yon-atrofidagi o‘simliklar uni soyalab qo‘yadi, natijada u o‘sishda va meva tugishda orqada qoladi. Ushbu hollarda limon hosilini har xil usullar bilan oshirish kerak bo‘ladi; bunday usullarning eng yaxshisi hosilsiz daraxt shoxiga hosildor daraxtning kurtaklarini payvandlashdir.

Bir-ikki, uch yillik novdalarga kurtak payvand qilinadi, bunday novdalar hosil bo‘lishi uchun o‘simliklar ko‘pincha bahorda butaladi. Avgustning oxiri sentyabrning birinchi yarmida kurtak payvand qilgan ma’qul. Ikki yillikdan ortiq yoshdagi shoxlarda kurtaklarning hammasi yaxshi tutmaydi. Bir tup daraxtdagi 10–12 ta kurtak payvandlanadi, ular 1–2 yildan keyin hosilga kiradi. Ba’zan hosilga kirmaganlariga qaytadan qalamcha payvand qilinadi.

Limon o‘simligining hosilga kirishini tezlashtirish va hosildorlikni oshirish maqsadida tupni yoki ayrim shoxlarni maxkam bog‘lash va halqalash usuli qo‘llaniladi, lekin bu usullar kurtak payvandga nisbatan kam samara beradi. Bu usullarning foydasi faqat bir mavsum davomida seziladi. Agar iyun oyida bog‘lansa, uning ta’siri keyingi yili namoyon bo‘ladi. Shoxlarini egib, gorizontal tortilgan sim bog‘lab qo‘yilganda ham hosil ko‘p tugiladi. Halqalash va mahkam bog‘lash oziq moddalarning barglaridan pastga – ildiz tomon harakatlanishiga to‘sqinlik qiladi, kurtaklar, gul, tuguncha va mevalarning yaxshi rivojlantirishiga yordam beradi. Daraxtlarni tanasi va shox-shabbasi halqalanganda po‘stloq bilan lub 0,3–0,5 sm kenglikda o‘tkir pichoq bilan kesib olib tashlanadi. Vegetatsiya davrida kesilgan joyning yuqorisida bo‘qoq hosil bo‘ladi. Bu usul har yili hosil terib olingandan keyin takrorlanadi. Uning natijasi ikkinchi yili nomoyon bo‘ladi.

Tup yoki shoxlar esa iyun oyida bog‘lanadi. Bunda ularga ikki qavat qalin qog‘oz bilan o‘ralib, ustidan sim bilan mahkam bog‘lanadi. Shoxlar o‘sishi natijasida bog‘langan joyda chuqurcha hosil bo‘lmaguncha sim yechilmaydi. Bu jarayon, odatda bir mavsum davom etadi. Keyin sim va qog‘oz olib tashlanadi. Halqalangan va siqib bog‘langan shoxlar ko‘p gul chiqaradi, mo‘l meva tugadi. Mevalarning kimyoviy tarkibi va ta’mi o‘zgarmaydi.

Zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish. Limon daraxti issiqxona va handaklarda ko‘pincha yumshoq soxta qalqondor, o‘simlik bitlari, kanalar bilan zararlanadi. Ushbu zararkunandalarga qarshi Omayt (10 l suvga 3–4 g), Danadin (10 l suvga 10 g), Niguol, Altikor (10 l suvga 1,5 g) Vertemeks preparatini 0,5–0,8 foizli qilib sepsa ham bo‘ladi. Preparatlar o‘simlikning hamma qismini, ayniqsa barglarining pastki tarafidan purkaladi.

O‘simlik g‘unchalagan va gullagan davrida purkash mumkin emas. Ishlov ertalab va kechqurun o‘tkaziladi.

Qora kuyasimon zumburuglar va oq chirish kasaliklar barglar yuvilganda ketmaydi. Barglar 1 foizli Bordo suyuqligi eritmasi yoki 0,5% mis, xlor oksidi eritmasini qo‘shimcha purkalganda xolos etadi.

O‘simlik tanasi gommoz yelim oqish bilan kasallanganida, kasallikning ilk bosqichida shikastlangan po‘stloq qismi va yog‘ochi sog‘lom qatlamgacha kesib tashlanadi. Bundan so‘ng tozalangan joy 3 foizli mis kuporosi bilan dizenfeksiya qilinadi va bog‘ katroni bilan shuvaladi. Katron tayyorlash uchun kanifol va asal ari mo‘miga (2:1) oz miqdorda mol yog‘i qo‘shib eritiladi.

Gommoz bilan zararlangan va qurigan daraxt tanasi atrofi ildizi bilan qazib olinib yondiriladi, turog‘i esa 1 foizli formalin eritmasi bilan dizenfeksiya qilinadi.

Ozuqa moddalarining yetishmasligi
Azot yoki fosfor barglarning barchasi och-yashil yoki sarg‘ish-yashil tus oladi, daraxt o‘sishi sekinlashadi, hosil kamayadi. Azot yetishmasligi geografik tarqalishi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallaydi.

Kaliy mevalar kichik, ularning qobig‘i yupka va g‘ayrioddiy sillik bo‘lib qoladi.

Kalsiy boshqa tashqi belgilar mavjud bo‘lmagan holda, daraxt o‘sishi juda sekinlashadi va hosil kamayadi.

Mis yosh novdalar keragidan ortik uzayib, barglar kattalashib ketadi; poyada yelim hosil bo‘lishi va novdalar uchidan boshlab nobud bo‘lishi mumkin. Kasalliklarga qarshi ekinga tarkibida mis bo‘lgan fungitsidlar purkaladigan joylarda mis yetishmasligi kuzatilmaydi.

Temir avval yosh, keyin boshqa barglarda yaqqol xloroz kuzatiladi – barglar och-yashil yoki sarik, barg tomirlari esa to‘q-yashil tus oladi. Temir yetishmasligi daraxt ildizi suv ostida qolib, shikastlanganida, nematodalar bilan zararlanganida yoki ekin mis bilan zaharlanganida yuzaga chiqadi. Daraxtlar neytral yoki ishqoriy tuproqlarga ko‘ra nordon tuproqlarda temirni yaxshiroq o‘zlashtiradi. Temir yetishmasligining oldini olish yoki buning salbiy oqibatlarini yo‘qotish uchun tuproqqa temir xelati solinadi.

Magniy yetishmasligi qumoq tuproqlarda tez-tez uchraydi. Bu oson aniqlanadi barglarda, oldin chetlaridan boshlab, xloroz rivojlanadi va barglarning ko‘p qismini egallaydi, faqat barg asosida delta shaklli yashil qismi saqlanadi.

Marganets barglar tomirlari yashil rangini sqlab qoladi, ammo ular orasidagi to‘qimalarda chipor dog‘lar hosil bo‘ladi.

Molibden yetishmasligi nordon tuproqlarda uchraydi, bunda kattaroq barglarning har ikki tarafida tomirlari oralarida xira-sariq, katta dog‘lar hosil bo‘ladi. Bor yetishmasligi: yaqqol va xarakterli belgilari – mevalar kichik, qattiq, qobig‘i kalin bo‘lib qolishi, shaklini yo‘qotishi va ba’zan qobig‘ida yelim hosil bo‘lishidir.

Oltingugurt yetishmasligi kam kuzatiladi; uning belgilari azot yetishmasliginiki bilan bir xil, ammo ular faqat yosh barglarda uchraydi.

Rux yetishmasligi tarqalishi bo‘yicha azot yetishmasligidan keyingi o‘rinni egallaydi. Bunda (avval yosh) barglarda xloroz hosil bo‘ladi, barglar kichik va novda bo‘g‘in oralari kalta bo‘lib qoladi. Xloroz tomir oralarida tarqaladi, barglar juda och-yashil bo‘lib qoladi. Surunkali rux yetishmasligi novda va shoxlar nobud bo‘lishiga olib keladi.

Bor zaharliligi. Barglar uchidan boshlab sarg‘ayadi, keyin sarg‘ayish barg chetlari orqali pastki qismlariga tarkaladi. Zararlangan to‘qimalar keyinroq nobud bo‘ladi. Zararlangan barglarning ostki tomonida yelim hosil bo‘ladi. Tuproq tarkibidagi ortiqcha bor ekinni yaxshilab sug‘organda yoki kuchli yomg‘ir yoqqanda yuvilib, chiqib ketadi.

Yuqorida ko‘rsatilgan barcha elementlar yetishmasligining oldini olish yoki yetishmaslikni davolash uchun, tuproq nordonligini tartibga solgan holda, tegishli elementlarni tuproqqa kiritish yoki ularning eritmalarini barglarga purkash lozim.

R.Abdullayev Agro.uz

82 ta ovoz

Ovoz berish:
1 2 3 4 5

Ulashish

Komment qoldirish

O'zbekiston poytaxti:

    Bildirilgan fikrlar

  1. Assalomu alaykum. Mening issiqxonam bor. Unda lemon yetishtiryapman. Lemonchilok haqidagi foydali maslahatlaringizni bersangiz.

    ...