Anor parvarishlash

Anor parvarishlash

2142
1

Ekish uchun tavsiya etiladigan anor navlari: Qizil anor, Achchiq dona, Qozoqi anor, Tuyatish, Ulfi, Desertnыy va h.k.

Ko‘chatlarni ekishga tayyorlash va ekish. Ko‘chatlarni ekishga tayyorlashda avvalo, tomorqa maydonini yaxshi tekislanadi, so‘ng yerga yetarli miqdorda – go‘ng, chirindi, fosforli, kaliyli va azotli o‘g‘itlarni solib, chuqur haydaladi.

Anorni ekish sxemasi – 4×2 m, ko‘chatlarni ekish mart oyi davomida amalga oshiriladi.

Ko‘chat ekish uchun chuqurligi va kengligi 50×50 sm bo‘lgan chuqurchalar kovlanadi. Chuqur qazishda tuproq ustki qismining 20–25 sm qatlami o‘raning bir tomoniga olib, qolgan qismi ikkinchi tomoniga olib qo‘yiladi. Ko‘chatni ekishdan oldin tayyorlab qo‘yilgan shaltoqqa (yangi mol go‘ngi tuproq bilan 1:1 nisbatda aralashtirilib, qaymoqsimon massa tayyorlanadi) botirib olinadi so‘ngra ekiladi.

Ko‘chat o‘raga tik qo‘yilib, oldin olingan tuproq chuqur tagiga solinib ko‘miladi. Ko‘chat ekilgandan so‘ng har bir chuqurga suv quyiladi. Bunda tuproq zichlanib, ko‘chat yaxshi ko‘karadi. Tuproq cho‘kkandan so‘ng ko‘chat atrofiga tuproq solib to‘ldiriladi. Ko‘chatlar tuproq namligiga qarab sug‘orib turiladi.

Parvarishlash. Anor qishga ko‘miladigan subtropik ekin turi bo‘lganligi uchun uni butasimon shakllantirish eng maqbul hisoblanadi. Bunda asosiy 3 ta yirik shox qoldiriladi. Yirik shoxlar yerga nisbatan 45 gradus qiyalikda shakllantiriladi. Vaqt o‘tishi bilan hosil tupning markazidan chetga chiqa boshlaydi, shuning uchun novdalarni qisqartirish talab etiladi.

Tomorqadagi anor tuplariga 250–300 g azotli, 200–220 g fosforli va 180–200 g kaliyli o‘g‘itlar sof holda solinishi tavsiya qilinadi. Azot o‘g‘iti ikkiga bo‘lib, 30–40 foizi kuzda, qolgani aprel va iyul oylarida teng miqdorda solinadi. Har 2–3 yilda o‘rtacha 50–60 kg chirigan go‘ng solish hosildorlikning oshishiga ijobiy ta’sir etadi.

Bo‘z tuproqlarda anor o‘suv davri mobaynida 6–10 marta, shag‘alli yerlarda 10–12 marotaba sug‘oriladi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Anor daraxtiga o‘rgimchakkana zararkunandasi tushadi.

O‘rgimchakkanaga qarshi Perfekto 17,5 % sus.k. (10 sotixga 15–20 ml) purkaladi.

Uzum qurtiga qarshi erta bahorda Karate 5% em.k. (10 sotixga 50 ml) preparati purkaladi. Ushbu preparatlar bo‘lmaganda tamaki qaynatmasidan foydalanish ham mumkin.

Hosilni yig‘ishtirish. Anor navlari kuz oylarida pishib yetiladi. Ular qo‘l bilan uzilib, yashiklarga taxlanadi. Anor mevalari turli shikastlanishlarga chidamli bo‘lgani uchun ularni uzoq muddat saqlash va qator-qator qilib taxlash mumkin.

22 ta ovoz

Ovoz berish:
1 2 3 4 5

Ulashish

Komment qoldirish

O'zbekiston poytaxti: