Qovun haqida

Qovun haqida

2669
2

Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar: ertapishar – Rohat, o‘rtapishar – Suyunchi–2, Oltin vodiy, Lazzatli, Oltintepa, Kichkintoy, Obi novvot, Gurvak, Bo‘rikalla, kechpishar – To‘yona, Gurlan, Amudaryo, Gulobi Xorazmiy, Zar gulobi, Saxovat, Umrboqiy, Beshak.

Urug‘ tanlash. Ekiladigan qovun urug‘i toza, yuqori unuvchan, kasallik yuqmagan, o‘rtacha kattalikda, butun bo‘lishi zarur. Urug‘lar boshqa o‘simliklar urug‘lari va aralashmalaridan tozalanadi.

Yer tayyorlash. Yer kuzda 35 sm chuqurlikkacha shudgor qilinadi. Yerni shudgorlashdan oldidan ma’dan va organik o‘g‘itlar beriladi. Bahorda tuproqda namni saqlab qolish uchun yerga uzun tishli xaskash yordamida ishlov beriladi. Qovun erta muddatlarda ekilganda yerni bahorda qayta shudgorlashning hojati yo‘q. Ekinlar kechki muddatlarda ekilganda yerni qayta shudgorlash zarur. Bunda tuproqni ag‘darmasdan turib, 22 sm chuqurlikda yumshatib chiqish tavsiya etiladi.


Ekish muddati va sxemasi. Markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda qovunning ertagi navlari 15 aprelgacha, o‘rtagisi 20 apreldan 10 maygacha, kechkisi 15 maydan 10 iyungacha; janubiy viloyatlarda ertagi navlar 10 aprelgacha, o‘rtagisi 10–20 aprelda, kechkilari esa 10–20 iyunda ekiladi. Shimoliy mintaqalarda ertagi qovunni 20 aprelgacha, o‘rtagisini 25 apreldan 10 maygacha, kechkisini 20–30 mayda tuproq harorati 14–15 °S ga yetganda ekishga kirishiladi. Qator oralari 210–280 sm bo‘lgan egat olinadi. Bunday egatlar poliz ekinlari palaklarining yaxshi taralishiga imkon beradi. Urug‘lar 3–6 sm chuqurlikka ekiladi. Mayda urug‘li qovun ekish uchun 1 sotixga 40 g, yirik urug‘lilarini ekish uchun 50 g urug‘ sarflanadi. Sepilgandan urug‘lar xaskash bilan tuproqqa aralashtiriladi.

Parvarishlash. Qovun urug‘i nam tuproqqa ekilsa nihollar unib chiqquncha sug‘orish talab etilmaydi. Qovunni asosiy parvarishlash ishlari o‘simliklarni yaganalash, tuproqni yumshatish, ekinni oziqlantirish, chopiq qilish, sug‘orish, palaklarni to‘g‘rilash, begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi kurashishni o‘z ichiga oladi.

Yaganalash ikki bosqichda: birinchisi o‘simlik chinbarg chiqarganda, ikkinchisi birinchi chopiq vaktida o‘tkaziladi. Nihollar yalpi unib chiqishi bilan ekin qator oralarini yumshatishga kirishiladi.

Nihollar unib chiqqandan 20–25 kun o‘tgach, ya’ni ularda ikkita-uchta chinbarg paydo bo‘lganidan keyin ekin birinchi marta chopiq qilinadi, dastlabki oziqlantirilib suv beriladi. Ikkinchi chopiq birinchisidan 25–30 kundan keyin o‘tkaziladi. O‘suv davrida qator oralari 4–5 marta chopiq qilinadi.

O‘g‘itlash. Qovun uchun 1 sotixga tuk holda 0,750 g azotli, 0,750 g fosforli va 0,500 g kaliyli, organik o‘g‘itlardan 300–400 kg solinadi. Bo‘z tuproqli yerlarda o‘suv davrida ekinni har gal 1 sotixga 4–5 m3 hisobidan 8–9 marta sug‘orish kifoya. Sizot suvi yuza joylashgan dalalarda esa bo‘z tuproqli yerlarga qaraganda kamroq (4–5 marta) sug‘oriladi. O‘suv davrida poliz ekinlarini suv bilan bir tekis ta’minlash hosildorlikni oshirish garovidir.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Urug‘larni ekishdan oldin Fundazol preparati (1 kg uruqqa 4–8 g) bilan yoki Ponaktin (1 kg uruqqa 4 g) bilan namlab ekish tavsiya etiladi. Kasalliklardan zararsizlantirish maqsadida urug‘lar ekishdan oldin birorta mikroelementlarga solib bo‘ktirib qo‘yiladi. Ular: mis, rux va marganets (0,05% yoki 0,5 g/kg), temir va bor (0,025% yoki 2,5 g/kg). Ivitish suyuqlik harorati 20–22 oS bo‘lganda 12 soat davom etadi.

Zararkunandalari – poliz biti (shirasi), o‘rgimchakkana, oqqanot, kuzgi tunlam, poliz qo‘ng‘izi, qovun pashshasi va boshqalar.

Kurash usullari: agrotexnik usulda ekinlarni almashlab ekishga rioya qilish, yerlarni chuqur haydash, yaxob suvi berish.

Biologik usulda poliz bitiga va o‘rgimchakkanaga qarshi oltinko‘z kushandasini, oqqanotga qarshi enkarziya parazitini qo‘llash tavsiya etiladi.

Kimyoviy usulda 10 sotixga oqqanot, shiralarga qarshi Mospilan 20% (25–30 ml), Sipermetrin 25% (30 ml) va boshqa preparatlar qo‘llaniladi. Qovun maysa pashshasi va qovun pashshasiga qarshi Atilla 5% em.k. (200 ml), Sumi-Alfa 5% em.k. (300 g) preparatlari qo‘llaniladi.



Kasalliklari. Ildiz chirish, fuzarioz so‘lish, unshudring, oddiy bodring mozaikasiga qarshi ekinlarni almashlab ekishga rioya qilish, o‘simlik qoldiqlarini yo‘qotish, fungitsidlardan Topaz 10% (200–250 ml), Kurzat R n.kuk. (200–250 g), Foliar BT 22,5% (50 ml) preparatlarini 60–70 litr suvga aralashtirib purkash tavsiya etiladi.

Hosilni yig‘ishtirish. Qovun hosili pishib yetilganlarini tanlab-tanlab olish yo‘li bilan uch-besh marta yig‘ib olinadi. Kechki muddatda ekilgan navlar hosili esa bir marta yig‘ishtirib olinadi. Pishgan qovunlar polizda uzoq muddat tursa nobud bo‘ladi.

20 ta ovoz

Ovoz berish:
1 2 3 4 5

Ulashish

Komment qoldirish

O'zbekiston poytaxti: