Mamlakatimizda intensiv bog'larni rivojlantirish omillari

Mamlakatimizda intensiv bog'larni rivojlantirish omillari

2847
2

Mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish, ularning sifatini yaxshilash, shuning barobarida, mevali daraxt ko‘chatlari turini ko‘paytirish orqali intensiv bog‘lar barpo etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizni 2014 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, 2010–2014 yillar davomida qariyb 50 ming gektar maydonda yangi bog‘lar, jumladan, 14 ming gektardan ortiq maydonda intensiv bog‘lar, 23 ming gektarda uzumzorlar yaratildi. Intensiv bog‘lar tashkil etish uchun Polsha, Serbiya va boshqa mamlakatlardan mevalarning sarxil navlarining 6 milliondan ziyod ko‘chatlari olib kelindi.

Bunday bog‘larning ko‘plab afzalliklarga ega ekani bugungi kunda amalda namoyon bo‘lmoqda. Misol uchun, oddiy mevali daraxt ekilganidan boshlab dastlabki hosilini berguniga qadar odatda 4–5 yil o‘tadi. Intensiv bog‘dorchilikda esa daraxt ikkinchi-uchinchi yildayoq hosilga kiradi. 2011 yilda yaratilgan bog‘larning har gektaridan 2014 yilning o‘zida o‘rtacha 300 sentnerdan hosil olingani va hosildorlik yil sayin ko‘payib borayotgani buni tasdiqlaydi.

Intensiv bog‘lardagi pakana va yarim pakana daraxtlarning tanasi kichik bo‘lganligi bois ularga yorug‘lik tushishi, havo aylanishi yaxshi bo‘lganligi uchun mevasining sifati va ta’mi yaxshi bo‘ladi. Qolaversa, bunday bog‘larga ishlov berish juda qulay, mevasini terish ham oson. Ayniqsa simbag‘azga olingan bog‘larda narvon ishlatmasdan hosil teriladi. Bunda ish unumli, yuqori bo‘lishi bilan birga terilgan mevalar kelgusida yaxshi saqlanadi.

Yurtimizning turli hududlari tuproq-iqlim sharoitida pakana payvandtaglarga ulangan ko‘chatlarning turlari va navlariga qarab, parvarish ishlarini olib borish talab etiladi.

Akademik M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomondan o‘rganilgan tajribalari asosida respublikamizda intensiv mevali bog‘larni barpo etish bo‘yicha quyidagilar tavsiya qilinadi:

Ko‘chat ekish uchun maydonni tayyorlash

Ko‘chat ekish uchun tanlangan maydon kuzda 50–60 sm chuqurlikda haydalgan bo‘lishi kerak.

Pakana (karlik) M-9 payvandtagga ulangan olma ko‘chatlari 3,5 x 2,5 m oraliqda ekilsa 1 gektarda 1142 tup, 3,5 x 3 m oraliqda ekilganda esa 952 tup, nok ko‘chatlari 3,5 x 2 m oraliqda ekilganda 1428 tup, o‘rta o‘suvchi navlar 3,5 x 2,5 m oraliqda ekilganda esa 1142 tup nihol bo‘ladi.

Yarim pakana MM-106 payvandtagga ulangan o‘rta o‘suvchi ko‘chatlardan olma 6 x 4 m oraliqda ekilsa 1 gektarda 416 tup, 6 x 5 m oraliqda ekilsa 333 tup, nok 5 x 3 m oraliqda ekilsa 666 tup, 5 x 4 m oraliqda ekilganda esa 500 tup nihol bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reyestriga kiritilgan pakana (karlik) M-9 payvantagda o‘stiriladaigan olma navlaridan – Gold Spur, Djonared, King Devid, Royal red Delishes, Stark Erlist, Nafis navlarini ekish tavsiya etiladi. Bu mevali daraxtlarning bo‘yi 2–3 metrni tashkil etadi.

Yarim panaka MM-106-payvantagda o‘stiriladaigan olma navlaridan –Boravinka Tashkentskaya, Golden Delishes, Djonaret, King Devid, Korey, Parmen Zimniy Zolotoy, Pervenets Samarkanda, Renet Simirenko, Royal red Delishes, Stark Erlist navlari tavsiya etiladi. Bu navlar daraxtlarini bo‘yi 3–4 m. gacha yetadi.

Ko‘chat ekish

Ko‘chatlarni o‘tqazish oldidan chuqurligi va kengligi 60 x 60 sm bo‘lgan chuqurchalar kovlanadi. Ularni qazishda ustki 20–25 sm qatlamdagi tuprg‘i bir tomoniga, qolgan qismidagi tuproqni esa ikkinchi tomonga olib qo‘yiladi. Ko‘chat o‘tqazishdan oldin chuqurga 350–400 g fosforli, 30–40 g, kaliy o‘g‘iti hamda 8–10 kg chirigan go‘ngni tuproq bilan aralashtirib solib, keyin ko‘chat ekiladi.

Ko‘chatni ekishdan oldin alohida tayyorlangan shatmoqqa (yangi mol go‘ngi tuproq bilan 1:1 nisbatda qaymoqsimon qilib tayyorlanadi) botirib olib ekiladi. Ko‘chat chuqurchaga qo‘yilib, oldin olingan tuproq chuqur tagiga tashlanadi. Ildiz payvand qilingan joyi tuproqdan 4–5 sm yuqorida bo‘lishi kerak. Ko‘chat ekilgandan so‘ng har bir chuqurchaga suv quyilsa, tuproq zichlanib, ko‘chat yaxshi ko‘karadi. Tuproq cho‘kkandan so‘ng ko‘chat atrofiga tuproq solib to‘ldiriladi.

Ko‘chatlarni parvarishlash va shakl berish

Yurtimizning iqlim sharoiti past bo‘yli payvandtagga ulangan mevali bog‘larni barpo qilish uchun juda qulay. Intensiv bog‘larning hosildorligini oshirishda tuproqni doim oziqlantirib turishga ham ahamiyat qaratish zarur. Buning uchun har yili gektariga 30–40 tonna chirindi hamda sof holda 240–260 kg azot, 120–150 kg fosfor va 60–70 kg kaliy solib turish maqsadga muvofiqdir.

Shuningdek, yangi ekilgan ko‘chatlarni dastlabki davrda suv bilan ta’minlashga katta e’tibor berish kerak. Ko‘chatlar to‘liq tutib ketishi uchun (agar tomchilatib sug‘orish texnologiyasi o‘rnatilmagan bo‘lsa) ular atrofini aylana shaklida ariq olib sug‘orish lozim. Mevali daraxtlar qishda tinim davriga kirgani bois, sentyabr oyining ikkinchi yarmidan sug‘orish tavsiya etilmaydi. Oktyabr-noyabr oylarida ko‘chatlarning qator oralig‘i chopilib, yumshatiladi. Begona o‘tlardan tozalanadi. Boisi, bu davrda tuproqda namlik darajasi yaxshi saqlanadi.

Ushbu agrotexnik jarayonlar o‘z vaqtida to‘liq va sifatli o‘tkazilsa, yangi ekilgan pakana va yarim pakana daraxtlar ikkinchi-uchinchi yildan boshlab hosilga kira boshlaydi. Jumladan, ikkinchi yilda gektaridan 2–5 t, uchinchi yilda 5–10 t hosil olish mumkin. 4–5-yilga borib bu ko‘rsatkich gektarida 40–50 tonnaga yetadi.

Vegetatsiya davrida ko‘chatlarning atrofi qatqaloq bo‘lib qolmasligi uchun yumshatib turiladi. Tuproq sharoitiga qarab 10–12 martadan 16–20 martagacha suv beriladi. Har sug‘orishdan so‘ng yer yumshatiladi.

Yangi ekilgan ko‘chatlarni dastlabki davrida suv bilan ta’minlashga katta e’tibor berish zarur. Ko‘chatlar to‘liq ko‘karib ketishi uchun tomchilatib sug‘orish yaxshi natija beradi (30–40 foiz suv tejaladi).

Yurtimiz sharoitida pakana payvandtagda ekilgan intensiv bog‘larda ko‘chatlarga 60 sm yuqoridan kesilib, shakl beriladi.

Chetdan keltirilayotgan ko‘chatlarni veretino shaklida, ya’ni asosiy lider novda qoldirilib, yoniga ko‘proq novda berishga qaratiladi, ya’ni shoxlatiladi. Shakl berishda ko‘chatning asosiy lider shoxida shtambi uchun 50 sm qoldirilib, undan yuqorisiga 8–10 ko‘z qoldirilib, undan so‘ng yana ship 3 ta ko‘z qoldirilib, ortiqchasi kesiladi.

O‘g‘itlash yosh ekilgan ko‘chatlar yaxshi rivojlanib, o‘sishi uchun aprel oyining ikkinchi yarmida har bir ko‘chat atrofiga 100–120 g. dan azotli o‘g‘it solinadi. Ikkinchi marotaba iyun oyida azotli o‘g‘it yana shuncha miqdorda solinadi.

Tomchilatib sug‘oriladigan bog‘larda barcha mineral ozuqalarni suv orqali tomchilatib berish maqsadga muvofiq. Bunda o‘g‘itni o‘zlashtirish samaradorligi ortadi.

Birinchi yili yosh ko‘chatlar qishga yaxshi tayyorlanishi bois sentyabr oyining ikkinchi yarmidan sug‘orish tavsiya etilmaydi.

Oktyabr-noyabr oylarida yosh nihollar orasi hamda ko‘chatlarning qator orasi chopilib, yumshatiladi, begona o‘tlardan tozalanadi. Tuproqda namlik yaxshi saqlanadi.

Kuzda gektariga 90 kg fosforli, 45 kg kaliyli o‘g‘it va 20 t go‘ng solinib chopiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, yangi usuldagi resurstejamkor intensiv mevali bog‘larni barpo etish respublikamiz bog‘dorchiligini rivojlantirishga, yangi istiqbolli navlar hosildorligining yanada ortishi esa meva va uzum mahsulotlarining ko‘payishiga, pirovardida aholi farovonligi oshishiga xizmat qiladi.

manba:http://agro.uz/uz/information/about_agriculture/434/5093/

33 ta ovoz

Ovoz berish:
1 2 3 4 5

Ulashish

Komment qoldirish

O'zbekiston poytaxti:

    Bildirilgan fikrlar

  1. Assalomu alaykum,Men ham Xorazmda ham intensiv bog` qilmoqchi edim.Maqqolangiz juda zo`r menga yoqdi.Shunday bog` yaratish uchun qanchlik pul ketishini,ko`chatlari qanchadan,simyog`ochlari simlarini pulini qayerdan bilsam bo`ladi?. Javobingiz uchun oldindan rahmat.

    ...