Issiqxonada pomidor yetishtirish

Issiqxonada pomidor yetishtirish

5094
0

Shunday sharoitda ham issiqxonada barcha agrotexnik chora-tadbirlar to‘g‘ri va o‘z vaqtida o‘tkazilsa, yuqori va sifatli hosil olish mumkin. Bu haqda ma’lumot olish uchun O‘zbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi ­Baxtiyor ­KARIMOVga murojaat qildik.
— Salqin kunlar boshlanishi bilan avgust oyining birinchi o‘n kunligida ekilgan pomidorning 30-35 kunlik ko‘chatlari issiqxonadagi doimiy joyga o‘tqaziladi, — deydi B.Karimov. — Noyabr oyiga kelib esa, pomidorlarning o‘sishi va rivojlanishi birmuncha pasayadi. Bunga quyoshsiz, bulutli kunlarning ko‘p bo‘lishi, salqin tushib qolishi sabab.
— Bunda qanday yo‘l tutish kerak?
— Butun e’tibor haroratni tutib turishga qaratiladi, ya’ni issiqxona ichidagi harorat kunduzi +22... +24, kechasi +18... +20 daraja ushlab turilishi lozim. Shuningdek, o‘simlik quyosh nuriga yaxshiroq to‘yinishi uchun issiqxona oynalarini yaxshilab yuvish kerak bo‘ladi. Isitish va shamollatish tizimi soz ishlashini ta’minlash kerak.
— O‘g‘itlash ham talab etiladimi?
— Albatta. Noyabrda azotli o‘g‘itlardan ko‘ra, ko‘proq kaliyli o‘g‘itlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Bunda kaliy xlorid o‘rniga kaliy sulfat solish tavsiya etiladi. Shuningdek, makro o‘g‘itlar bilan mikrounsurlar eritmasi o‘simlik barglariga purkab turilsa, ko‘chatlar tez rivojlanib, hosildorlik oshadi. Lekin bu oyda pomidor gullarining tabiiy changlanishi va meva tugishi qiyinlashadi. Bu ayrim ko‘chatlarning gullari to‘kilishi, changlangan taqdirda ham xunuk, xaridorbop bo‘lmagan hosil tugishiga olib kelishi mumkin.
— Buning oldini olish uchun nima qilish kerak?
— Sabzavotkorning o‘zi ko‘chatlarga «yordam» berib yuborishi mumkin. Bunda changlanishga yordam beruvchi maxsus stimulyator vositalardan foydalaniladi. Bunday stimulyatorlarga «TU», «Poli­sti­mulin 2» va «Tomaton»larni misol keltirsa bo‘ladi. Ushbu stimulyatorlar bilan ishlov berilganda hosildorlik oshib, mevalar tezroq pishib-yetiladi.
— Kuzgi-qishki mavsumda harorat va yorug‘likning tobora pasayib borishi, havodagi namlikning yuqori bo‘lishi pomidorlarni turli kasalliklarga chidamsiz qilib qo‘ymaydimi? Ularga qanday kasalliklar tushadi?
— To‘g‘ri, kuchsizlantiradi. Kuzgi-qishki mavsumda issiqxonalardagi pomidor ekiniga, asosan, makrosporioz, fitoftorioz, qo‘ng‘ir dog‘lanish, kulrang chirish, boshqa turli virusli va zamburug‘li kasalliklar tushadi.
Zamburug‘li kasalliklarga qarshi «Folikur», «Folikop» (10 litr suvga 8 grammdan), «Ridomil gold» (10 litr suvga 10 gramm), «Kvadris» (10 litr suvga 2 gramm) fungitsidlari yaxshi samara beradi. Yorlig‘ida qanday qo‘llanishi yozilgan bo‘ladi. Virusli kasalliklarning oldini olish uchun issiqxonadagi tashuvchi zararkunandalarga qarshi kurashish talab etiladi. Yana kasallangan o‘simlikka yog‘sizlantirilgan sut (10 litr suvga 1 litr sut miqdorida) eritmasi bilan ishlov berish mumkin. Shuningdek, o‘simlikni makro va mikrounsurlar (magniy, kaliy, rux, oltingugurt kabi) bilan oziqlantirish tavsiya etiladi.
— Issiqxonada pomidorlarni parvarishlash jarayonida yana nimalarga e’tibor qaratish lozim?
— Pomidor ko‘chatini doimiy ravishda ipga o‘rab turish talab etiladi. Bachkilari o‘sib ketmasidan chilpib turilishi kerak. Tuprog‘ini doim yumshatib turish lozim. Shuningdek, noyabrda issiqxonada qishki-bahorgi mavsum uchun ko‘chat tayyorlash ishlari ham olib boriladi.
— Ko‘chat tayyorlash qanday amalga oshiriladi?
— Noyabrning ikkinchi o‘n kunligida urug‘lar bir oy oldin tayyorlangan maxsus oziqali 10x10 yoki 8x8 santimetr o‘lchamli tuvakchalarga ekiladi. Tuvakchalar esa 1-2 oy oldin chirindi go‘ng, unumdor tuproq, o‘tgan yilgi daraxt qipig‘i (1:1 nisbatda)dan tayyorlanadi. Urug‘ sepilishidan oldin suvda eruvchi fungitsidlardan «Mokap» va «Vidat L» bilan ishlov berilishi kerak.
— Ular maxsus joyda yetishtiriladimi? U yerda harorat qanday bo‘lishi kerak?
— Umuman, ko‘chatlar maxsus ko‘chatxonalarda yetishtirilgani ma’qul. Harorat urug‘ ekilganidan so‘ng +20...+24 daraja bo‘lishi lozim. Ko‘chatlar unib chiqqandan so‘ng haroratni 2-3 darajaga pasaytirish mumkin. Ko‘chatlarda 2-3 ta chin barg paydo bo‘lgach, muntazam mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirib, suv quyilib turiladi. 50-55 kunlik ko‘chatlar esa dekabr oyi oxiri, yanvar oyi boshlarida issiqxonadagi doimiy joyiga ko‘chirib o‘tqaziladi.

131 ta ovoz

Ovoz berish:
1 2 3 4 5

Ulashish

Komment qoldirish

O'zbekiston poytaxti: